Toshkent metrosida kaftni skanerlash orqali toʼlovni amalga oshirish tizimi ishga tushirildi

30.11.2023

259

Undan foydalanish uchun ATTO ilovasida shaxsiy maʼlumotlarni kiritish zarur.

Foto: Toshkent shahar hokimligi
Toshkent metropolitenining «Xalqlar doʼstligi» bekatida ilk marta kaftni skanerlash orqali toʼlovni amalga oshirish tizimi ishga tushirildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Toshkent metropolitenidan foydalanganda yoʼl haqqini toʼlash uchun bank kartalari, transport kartalari yoki QR-kodli chek olishning hojati qolmayapti. Oʼtish joyida UZINFOKOMning - Palm ID, tomirlar tasviriga asoslangan identifikatsiyalash yangi biometrik loyihasi ishga tushirildi.

Kaftingizni skaner ustiga tutasiz va tizim sizni identifikatsiya qiladi. Sizdan avtomatik tarzda toʼlov yechib olinadi. Buning uchun siz bir necha daqiqa sarflab, dastur orqali oʼz shaxsiy maʼlumotlaringizni kiritishingiz zarur. 

Jamoat transporti foydalanuvchilari uchun mobil ilova ham ishga tushirilgan. Mobil ilova orqali virtual karta ochilib, pul mablagʼi bilan toʼldiriladi. Shundan soʼng toʼlov uchun kaftingiz kifoya qilib, hech qanday internetsiz, karta yoki QR-kodli cheklarsiz toʼlovni amalga oshira olasiz», deyiladi xabarda.

TEPAGA scroll-top-icon