O‘tgan yili O‘zbekistonda 9 mln kishi norasmiy ishlagani sabab davlat budjetiga 32,9 trln so‘m soliq tushmay qolgan—MHTI
19.12.2023
270
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) o‘rganishlariga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekistonda iqtisodiy faol aholi soni 15 million kishini tashkil etgan. Shundan 9 millionga yaqini norasmiy sektorda band bo‘lgan. Norasmiy sektordagi ish haqi rasmiy ish haqiga teng bo‘lgan taqdirda, o‘tgan yili davlat budjeti soliq tushumlaridan 32,9 trillion so‘m olmagan.
Foto: Google
Institut tahlillariga qaraganda, O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning ulushi yalpi ichki mahsulotning qariyb 40 foizidan 60 foizigacha yetadi.
“Uy-joy va transport vositalarining ikkilamchi bozori, norasmiy savdo, xizmatlar ko‘rsatish va boshqa sohalar yashirin iqtisodiyot rivojlanishining asosiy omillari bo‘ldi”,—deya maʼlum qildi MHTI mutaxassislari.
MDH davlatlaridagi holat
Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2019-yilda Mustaqil davlatlar hamdo‘stigi mamlakatlari orasida yashirin iqtisodiyot ulushi turlicha ekanini aniqlagan. Xususan, Ukrainada bu ko‘rsatkich YIMga nisbatan 45 foizga teng. Belarusda 44,5 foiz, Tojikistonda 43 foiz qayd etilgan. Qozog‘iston, Rossiya va Qirg‘izistonda yashirin sektorning ulushi 38 foiz atrofida bo‘lgan.
Dunyodagi vaziyat
Hozirda AQSh va Yaponiyada yashirin iqtisodiyotning ulushi boshqa davlatlarga nisbatan past. Masalan, Amerikada xufiyona iqtisodiyot YIMga nisbatan 8 foiz, Yaponiyada 8,1 foizdir.
“Taqqoslash uchun, ushbu ko‘rsatkich Singapurda 8,6 foiz, Avstriyada 9 foiz, Buyuk Britaniyada 9,6 foiz, Germaniyada 10,2 foiz, Kanadada 11 foiz”—deya qayd etgan MHTI tadqiqotchilari.
O‘rganishlarga ko‘ra, xufiyona iqtisodiyot ulushi boshqa mamlakatlar, xususan, Xitoyda 14,5 foiz, Koreyada 18,4 foiz, Portugaliyada 18,5 foiz, Italiyada 19,5 foiz, Ispaniyada 21,7 foiz va Braziliyada 36,5 foizdir.
“Misol uchun, Yaponiyada barcha jismoniy shaxslar, yaʼni ushbu mamlakat fuqarolarining maqomi bo‘yicha ham rezidentlarga tenglashtirilgan. Mamlakatda soliqlar fuqarolar uchun intizomiy omil sifatida muhim rol o‘ynaydi. Soliq to‘lovchilar o‘z to‘lov majburiyatiga juda jiddiy yondashadi. Chunki bu davlatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ularning shaxsiy hissasini taʼminlashini tushunadi. Bundan tashqari, Yaponiyada budjet daromadlarini taqsimlashning yetarlicha shaffof tizimi mavjud bo‘lib, fuqarolar davlat aholidan to‘plangan mablag‘lardan qanday foydalanayotganining amaliy natijalarini bevosita ko‘rishi mumkin”—deya masalani tahlil qilgan MHTI loyiha rahbari Anton Kostyuchenko, ilmiy xodimlari Odiljon Nazarov va Abdusattor Abdumo‘minov.
O‘zbekistonda xufiyona iqtisodiyotni ulushini qanday kamaytirish mumkin?
MHTI mutaxassislari yashirin (noqonuniy) iqtisodiyot ulushini kamaytirish bo‘yicha uchta taklif bildirdi. Ular quyidagilar:
1. Aholi va tadbirkorlik subyektlarining ixtiyoriy ravishda soliq to‘lashini rag‘batlantiruvchi omillardan biri odamlar o‘z badallaridan oqilona foydalanilayotganiga, soliq tizimi adolatli ekanligiga ishonch hosil qilishlari uchun shaffof muhitni taʼminlashdan iborat:
- aholi soliq tushumlaridan davlat xizmatlarini, infratuzilmani, ijtimoiy dasturlarni va jamiyatni rivojlantirishni moliyalashtirish uchun qanday foydalanilishi haqida aniq maʼlumotga ega bo‘lishi kerak;
- fuqarolarga budjet bilan o‘zaro aloqada bo‘lish, mablag‘larning taqsimlanishi va turli budjet qarorlarining taʼsirini o‘rganish va davlat xarajatlari bo‘yicha muntazam ravishda batafsil hisobotlarni olish imkonini beruvchi onlayn vositalar yoki platformalarni yaratish;
- aholini soliqlarning ahamiyati, ularning jamiyat farovonligiga qo‘shayotgan hissasi va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash oqibatlari to‘g‘risida xabardor qilishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish.
2. Yana bir yo‘nalish bu maʼrifiy ahamiyatga ega bo‘lgan jamoat tadbirlaridir. Ular aholi va tadbirkorlik subyektlari jamiyat farovonligi uchun soliqlarni to‘lashning muhimligini tushunishida muhim rol o‘ynaydi. Bu davlat xizmatlari, infratuzilma va ijtimoiy dasturlarni qo‘llab-quvvatlash uchun soliqlarning afzalliklarini tushuntiruvchi aniq va tushunarli materiallarni ishlab chiqishni talab qiladi. Davlat xizmatlari va soliq tushumlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar (maktablar, shifoxonalar, yo‘llar va boshqa jamoat obyektlari) haqida aniq misollar keltirish maqsadga muvofiq.
Aholining turli qatlamlarini qamrab olish uchun turli aloqa kanallari, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar, televideniye, radio, gazeta va ommaviy tadbirlarni qo‘llash orqali yaxshi natijaga erishish mumkin.
3. Notarial idoralar tomonidan, xususan, avtomobillar va ko‘chmas mulk oldi-sotdisi sohasidagi noqonuniy savdo operatsiyalari sonini kamaytirish:
- shartnomalar tuzish jarayonida “Notarius” avtomatlashtirilgan yagona axborot tizimining joriy soliq to‘lovchilar maʼlumotlar bazasi bilan integratsiyalashuvi hamda sotuvchi va oluvchining yillik jami daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiya mavjudligini tekshirish;
- daromadlar va soliq to‘lovlari o‘rtasida nomuvofiqlik yuzaga kelgan taqdirda, soliq idorasidan yillik jami daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani (soliq qonunchiligiga muvofiqligi to‘g‘risidagi guvohnoma) taqdim etishni talab qilish;
- muddati o‘tgan va to‘lanmagan soliqlar aniqlangan taqdirda soliq to‘lovchilarga nisbatan soliq amnistiyasini qo‘llash (soliqlarni imtiyozli stavka bo‘yicha va 6 oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati).