O‘zbekiston maktablarining yuqori sinflarida ikkinchi xorijiy til o‘qitiladi

05.02.2024

583

“Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, O‘zbekistonda maktab o‘quvchilariga ingliz tilidan tashqari xitoy, nemis, fransuz, koreys va yapon tillaridan biri o‘tilishi mumkin. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10–11-sinflarida tajriba-sinov tariqasida o‘quvchilarning tanlovidan kelib chiqib “Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish” yoki “Biznes va kasb-hunar” yo‘nalishlari bo‘yicha ham o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich tashkil etiladi (tayanch o‘quv reja asosida o‘qitish bilan bir qatorda).

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitishning quyidagi tartibi joriy etiladi, unga muvofiq:

  • 5–9-sinflarda xorijiy tilga o‘qitish intensivligini oshirish orqali o‘quvchilarda bazaviy bilim va nutqiy ko‘nikmalar shakllantiriladi;
  • 10–11-sinflarda xorijiy tilni o‘qitishda asosiy e’tibor o‘quvchilarning akademik yozuv va gapirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi;
  • “Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish” yo‘nalishi doirasida xorijiy til fanini tanlagan o‘quvchilar 10–11-sinflarda ikkinchi xorijiy tilga o‘qitiladi;
  • xorijiy til yo‘nalishida pedagoglar tayyorlaydigan davlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga bir vaqtning o‘zida ham o‘qish, ham pedagogik faoliyatni amalga oshirish imkonini beruvchi moslashuvchan dars jadvali joriy qilinadi.

2024-yil 1-mayga qadar 11-sinfda ikkinchi xorijiy tilning kamida A2 darajada o‘zlashtirilishini nazarda tutuvchi xorijiy til fani bo‘yicha o‘quv reja va dasturlar takomillashtiriladi. 

Shuningdek, 2024-yil yakuniga qadar umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga xitoy, nemis, fransuz, koreys, ingliz va yapon tillari bo‘yicha malakali mutaxassislar jalb qilinadi.

 

2024-yil 1-sentyabrga qadar xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha pedagoglarni tayyorlaydigan davlat oliy ta’lim muassasalarining o‘quv reja va dasturlari takomillashtirilib, ularni umumiy o‘rta ta’limning xorijiy tilni o‘qitish dasturiga muvofiqlashtiriladi.

TEPAGA scroll-top-icon