O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bir oyda 1,5 mlrd dollarga oshdi

10.06.2024

256

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari may oyida 1,5 milliard dollardan ortiqqa oshdi. Bu haqda Markaziy bank maʼlumotlarida keltirilgan.

Foto: Dzen

Qayd etilishicha, 1-iyun holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari bir oylik 1,52 milliard dollar o‘sish bilan, 36,6 milliard dollarni tashkil etdi. Xorijiy valyutadagi aktivlar miqdori 9,26 milliard dollarga yetgan.

Regulyator ilk bor zaxiralarga oid maʼlumotlar tarkibida qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha statistikani taqdim etdi. Unga ko‘ra, qimmatli qog‘ozlar 35 million dollarni tashkil etgan. Avvalroq Markaziy bank birinchi marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritgandi.

 

Shuningdek, regulyatorning boshqa mamlakatlar markaziy banklari hamda XVJdagi depozitlari hajmi sezilarli oshib, 422,7 million dollarni tashkil etgan. Boshqa xorijiy moliya institutlarining hisobvaraqlaridagi mablag‘lar miqdori esa bir oy davomida 1,2 milliard dollarga oshgan. Natijada, ko‘rsatkich yil boshidagi 8,8 milliardni qayd etgan.

Oltin zaxiralari nima uchun kerak?

Oddiy til bilan aytganda, bu sug‘urta, davlatning “xavfsizlik yostig‘i”. Zaxiralar dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida favqulodda vaziyatlar uchun mavjud.

Zaxiralar odatda yuqori likvidli, ya’ni tez sotiladigan aktivlarda saqlanadi. Oltin va xorijiy valyuta ushbu talablarga javob beradi — ulardan istalgan vaqtda qarz to‘lash yoki investitsiyalar uchun foydalanish mumkin.

Mayda mamlakat oltin zaxiralari biroz (278,8 million dollar) o‘sib, 26,8 milliard dollarni tashkil etgan. Zaxiradagi oltinning fizik hajmi biroz pasaydi — 11,4 million troy unsiya.

TEPAGA scroll-top-icon