O‘zbekistonda ayrim tadbirkorlarga QQSning bir qismi qaytariladi

05.09.2024

130

Prezidentning 30-avgustdagi farmoni bilan ayrim tadbirkorlarga QQSning bir qismi qaytarilishi belgilandi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Farmonga muvofiq, 2024-yil 1-oktyabrdan turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini, 2025-yil 1-yanvardan umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga 2028-yil 1-yanvargacha har oyning 25-sanasiga qadar to‘langan QQSning bir qismini quyidagi miqdorlarda respublika byudjetidan qaytarish tizimi joriy etiladi:

 

oylik tovar aylanmasining naqd pulsiz qismi:

  • 60 foizdan oshgan umumiy ovqatlanish korxonalariga – byudjetga to‘langan QQSning 40 foizi;
  • 60 foizdan kam umumiy ovqatlanish korxonalariga – byudjetga to‘langan QQSning 20 foizi;
  • turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga – byudjetga to‘langan QQSning 20 foizi.

 2024-yil 1-noyabrdan barcha uchun ochiq holatda yuritiladigan Inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi omillar reyestri joriy qilinadi.

2025-yil 1-yanvardan nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatib turishga faqatgina Reyestrga kiritilgan omillar asosida yo‘l qo‘yiladi.

 

Shu sanadan boshlab nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfini aniqlash bo‘yicha “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etiladi.

Ayrim tadbirkorlarga QQSning 40 foizgacha qismi keshbek sifatida qaytarib berilishi haqida 20-avgust kuni Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan prezidentning tadbirkor va investorlar bilan uchrashuvida ma’lum qilingandi. Muloqotda davlat rahbari umumiy ovqatlanish hamda mehmonxona xizmatlarining eng katta muammosi QQS va ishchilar hisobini yuritish ekanidan xabardorligini aytgandi.

TEPAGA scroll-top-icon