Toshkent metropoliteniga yana 3 ta zamonaviy metro poyezdlari olib kelindi

13.01.2025

20

 Toshkent metropoliteniga yana yangi to‘rt vagonli 3 ta zamonaviy metro poyezdlari olib kelindi. Bu haqida “Toshkent metropoliteni” DUK xabar qildi.

“Yo‘nalishlardagi vaqt intervallarini yanada qisqartirish maqsadida, ushbu poyezdlar belgilangan yo‘riqnomaga asosan, 9-10 kun davomida texnik sinovdan o‘tkazilib, so‘ngra yo‘lovchilarga xizmat qilishi uchun yo‘nalishlarga chiqariladi.

 
 
 

Foto: “Toshkent metropoliteni” DUK

Shuningdek, ta’kidlash lozimki, 2025-yil yanvar-fevral oylarida yana 6 ta metro poyezdi olib kelinishi rejalangan. Bu rejaviy ishlar natijasida, metro vagon parklarini yangilash va belgilangan vaqt intervallarini yanada qisqartishga erishish maqsad qilingan”, deyiladi “Toshkent metropoliteni” xabarida.

2024-yil 31-dekabr kuni Toshkent metrosi uchun 3 ta yangi harakat tarkibi — 12 ta metro vagoni olib kelingani xabar qilingandi.

 

Transport vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2017-yildan 2019-yilgacha 36 ta poyezd ekspluatatsiya qilingan. 2024-yilga kelib ularning soni 65 taga yetkazildi. 2025-yil yakuniga qadar yana 26 ta zamonaviy tarkib xarid qilinishi rejalashtirilgan.

So‘nggi vaqtlarda metro xizmatiga bo‘lgan talab kun sayin ortib bormoqda. Toshkent metropoliteni 16-dekabr kuni birinchi marta bir kunda 1 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi.

Millioninchi yo‘lovchiga jamoat transportidan bir yil davomida bepul foydalanish imkonini beruvchi transport kartasi sovg‘a qilindi.

TEPAGA scroll-top-icon