O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

12.09.2025

21

O‘zbekiston Markaziy banki 2025-yil 11-sentyabr kuni asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning ikkinchi choragida shakllangan iqtisodiy faollik va isteʼmol talabi yuqori surʼatlarining narxlarga oshiruvchi taʼsirlari davom etdi. Shu bilan birga, oʻtgan yilgi baza taʼsirlari chiqib ketishi hisobiga avgust oyidan inflyatsiya pasaya boshladi. Markaziy bank boshqaruvi inflyatsion jarayonlarning sekinlashishi va bazaviy inflyatsiyani pasayuvchi trayektoriyasida davom etishini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani oʻzgarishsiz saqlab qoldi.

Inflyatsiya 
Avgust oyida umumiy inflyatsiya iyulga nisbatan biroz pasayib, yillik hisobda 8,8 foizni tashkil etdi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsishining sekinlashishi hisobiga bazaviy inflyatsiya 7,6 foizgacha pasaydi. Shu bilan birga, yalpi talabning yuqori darajada saqlanishi sharoitida energiya narxlari oshishining ikkilamchi taʼsirlari xizmatlar inflyatsiyasining yuqori shakllanishida namoyon boʻlmoqda. Soʻnggi oylarda mavsumiy omillar hamda almashuv kursining barqarorlashuvi hisobiga aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalarida pasayish tendensiyasi kuzatilgan boʻlsada, mazkur kutilmalar umumiy inflyatsiya darajasidan yuqori boʻlib qolmoqda.

Iqtisodiy oʻsish 
2025-yilning birinchi yarmida iqtisodiy oʻsish 7,2 foizgacha tezlashdi. Bunda, xizmatlar sohasining yuqori surʼatlari bilan birga sanoat, qurilish va qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida ham sezilarli oʻsish qayd etildi. Transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmining barqaror oʻsishi, iqtisodiyotda kreditlash surʼatlarining jadallashuvi, byudjet xarajatlarining oʻsishi hamda investitsion faollikning yuqori boʻlishi yalpi talabni faol ragʻbatlantiruvchi omillardan boʻlmoqda.
 
Shu bilan birga, xalqaro savdodagi cheklovlar va oʻzaro aloqalarga kiritilgan oʻzgarishlar tufayli global inflyatsiyaning pasayishi kutilganidan sekin kechayotgani, jahonda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshayotgani hamda asosiy savdo hamkor davlatlardagi inflyatsiya darajasining target koʻrsatkichlaridan yuqori shakllanganligi kelgusida import inflyatsiyasining kuchayishiga olib kelishi mumkin.
 
Ushbu sharoitlarda joriy yil yakunida inflyatsiya darajasi 8,7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiyotdagi inflyatsion bosimni kamaytirish va oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani joriy 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
 
Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining davom ettirilishi iqtisodiyotda jamgʻarish jozibadorligini saqlab qolib, kreditlash surʼatlarini maqbullashtirish va pul bozorida resurslar narxlarini mutanosib shakllantirish orqali yalpi talabni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi hamda inflyatsiyaga monetar omillarning taʼsirini kamaytiradi.
 
“Ayni paytda, umumiy inflyatsiyani barqaror pasayish trayektoriyasiga oʻtishi maʼlum vaqt talab etadi. Narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi oylarda kutilganidan koʻra kuchayishi boʻyicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qatʼiyligi qayta koʻrib chiqilishi mumkin”, deyiladi Markaziy bank xabarida.

2024-yil 25-iyul kuni asosiy stavka yillik 0,5 foiz bandga pasaytirilib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilangandi. Asosiy stavka yetti yil ichida birinchi marta 14 foizdan pastga tushgandi. Shundan buyon asosiy stavka miqdori o‘zgarmay kelayotgandi. Markaziy bank boshqaruvi 2025-yil 20-martdagi yig‘ilishida asosiy stavka 0,5 foiz bandga oshirib, 14 foiz darajasida belgiladi. Shundan buyon asosiy stavka o‘zgarmay kelmoqda. 
TEPAGA scroll-top-icon